ALEKSANDRANING UZOQ KUTGAN ORZUSI

«Obod mahalla» Davlat dasturini amalga oshirishda Yunusobod tumanida ham qiziqarli loyihalar amalga oshirilmoqda. 2019-yil – «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish» yili hamda Ramazon oyi yaqinlashayotgani munosabati bilan aholining ijtimoiy zaif qatlami, jumladan, uy-joyga ehtiyojmand, og‘ir turmush sharoitida yashovchi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 va 4 qavatli uy qurib bitkazildi. 1-may kuni yangi uyning 55-xonadoni kaliti o‘z egalariga tantanali topshirildi.

Tantanali topshirish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vaziri Fu Chjenxua, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Xidoyatov ishtirok etdi.

Eng quvonarlisi 55 xonadonning 2 tasi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga topshirildi. Tuhfa etilgan xonadon egalaridan biri Aleksandra Krivousova uyning kalit va sertifikatini olar ekan, xursandchiligidan ko‘z yoshini to‘xtata olmadi va quyidagilarni gapirib berdi:

  • Sharoitimiz og‘irligi sababli 2018-yilda uy olish uchun ariza yozgandik. Chunki 1 xonali uyda dadam, men, turmush o‘rtog‘im va farzandim bilan yashardik. Biz ham boshqalar qatori yangi qurilgan zamonaviy uylarda yashashni orzu qilardik. Mana bu orzuimizga erishdik va muborak Ramazon oyi arafasida bizga 2 xonali barcha qulayliklarga ega zamonaviy uy topshirildi. Bu ayniqsa yaqinda tug‘ilgan 6 oylik farzandimiz uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Bizga shunday imkoniyat yaratgan hukumatimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, deya kulgi aralash ko‘z yoshi bilan Aleksandra.

Yuqorida bir oilaning xursandchiligi havola etildi, xolos. Qolgan 55 tasining xursandchiligini ko‘rganingizda edi. Yangi  uy sohiblari Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash,  «Obod mahalla» dasturi  doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etib, Davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Diqqatni tortgan jihati shundaki, binoning yerto‘la qismida tikuv mashinalari o‘rnatilib, uyda yashovchilar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga uzoqdan ish qidirmasdan o‘z uylarining yerto‘lasida bemalol ishlash imkoniyati yaratilganidir. Shuningdek, bu yerda kichik kutubxona va sport bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus joy va uskunalar ajratilgan.

Author: mamur

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan