BIZ «INJIQLARGA» QARSHIMIZ yohud yurt rivojiga, odamlarning farovon hayotiga to‘sqinlik qilayotganlar

2014 yili biometrik pasport olish uchun Chilonzor tuman IIB pasport stoliga bordim, eski pasportimni ko‘zdan kechirishdi, «Qozog‘istonda tug‘ilgan ekansiz, uyoqdagi tug‘ilgan joyingiz arxividan qog‘ozlarni olib kelishingiz kerak», deyishdi. Axir men 6 yoshimdan O‘zbekistonda yashayman, O‘zbekiston fuqarosiman-ku desam, unda mayli, sizga so‘rov xati berib, Toshkent shahriga qaysi viloyatdan kelganligingiz bo‘yicha arxiv hujjatlarini olib kelasiz deyishdi. Mayli dedim, so‘rov xati yozib berishdi, xatni olib, Jizzax viloyati Zafarobod tumani IIV passport stoliga yo‘l oldim. Bir necha kun yugurib, qog‘oz qo‘ltiqlab, «injiq» xodimlarga duch kelaverib… davomini yozishni ep ko‘rmadim.

Oxirida bir qiziq tarafiga e’tiboringizni qaratmoqchiman, chunki o‘sha voqeani hozirgacha esdan chiqarganim yo‘q. Barcha hujjatni yig‘ib bo‘lgach, suratga tushish navbati keldi, tushdim, qo‘limga talon tutqazib, #__ raqamli xonaga kirasiz dedi, olib 3-4 kishi turgan navbatga qo‘shildim, tushlikka hali yarim soat bo‘lishiga qaramay (tushlik vaqti soat 13:00 dan 14:00 gacha), eshik qulf edi. O‘sha men kirishim kerak bo‘lgan darchada kim xizmat qilishini bilardim, ancha asabimga tekkandi. Ichimda «yana o‘sha nomardga» degancha og‘ir nafas tortdim. Xullas, hech qayerga chiqmay soat 14:00 gacha kutdim, chunki birgina pasportimni biometrikka almashtirish uchun ancha vaqt ovora bo‘lib, ishlarimni qoldirishga majbur bo‘lgandim. Har 2-3 daqiqada odam to‘planardi va orqamda navbat uzun bo‘la boshladi. Soat 14:10 bo‘lishiga qaramay, mas‘ul xodim tushlikdan hali kelmagandi. 14:30 bo‘ldi, yo‘q. 14:45 o‘sha «injiq» IIB xodimidan darak yo‘q. Va nihoyat soat 15:00 da qo‘lida papkalar bilan, biz hamon kutayotgan o‘sha xodim bahonada ish bilan degandek, qo‘lida papkalar bilan odamlar orasidan o‘tdi. Oldimdagi 4 kishidan so‘ng navbatim keldi, talonni ko‘rsatdim. Daftariga yozdiy-u, menga qarab bir nimadir dedi, eshitmasligim, gapiga tushunmaganim uchun ishorada «eshitmayman» dedim. Yana balandroq qilib baqirdi, ko‘zlari qizargan, kayfda, og‘zidan spirtning yoqimsiz hidi taralardi… Bildimki tushlik payti ichib kelgan, ya‘ni ish kuni, ichki ishlar xizmat formasida, Chilonzor tuman IIB passport stolida qandaysiga uzun navbat turgan odamlarni qabul qilishda bunday holatida kelganiga hayron qoldim. Eshitmaganim uchun meni tanib, qog‘ozga 25 noyabrda kelasiz, deb yozib berdi. 1 oy… hujjatlar yig‘ishga shuncha vaqt ketgandi, nega buncha uzun vaqt desam, jahl bilan sizniki noyabrda, boshqalarniki keyingi yil martida, xohlasangiz siznikini ham martga qoldiramiz, deb qo‘rqitdi. Indamay mayli, noyabrda bo‘laqolsin deb ketdim. Menga pasportim shoshilinch zarur bo‘lmagani uchun men «injiq» xodimga hech narsa bermadim. Aks holda qanday yo‘l tutishimni ziyrak o‘quvchi allaqachon anglab yetardi.

Ajoyib xalqmiz, to‘y, maraka va boshqa tadbir qilsak, mehmonlarni kutib olish, ularga e’tiborli bo‘lish, kuzatib qo‘yishni boshqa xalqlardan ko‘ra, qoyilmaqom qilib uddalaymiz.  Qo‘limiz ko‘ksimizda, yuzimizda tabassum bilan kutib olamiz, yana jilmaygancha kuzatib qo‘yamiz. Kelgan mehmon katta taassurot bilan qaytadi. OAVda ham bizga o‘xshagan mehmondo‘st xalqni topa olmaysiz, deb maqtanganimiz maqtangan. Bu an’ana, urf-odatlarimiz azaldan mavjud. Boshqacha qila olmaymiz, chunki «UYAT» degan so‘zning ma’nosi juda yomon ta’sir qiladi bizga, to‘g‘rimi?!

Har bir tashkilotga ishingiz tushsa, o‘sha tashkilotning boshlig‘idan tortib oddiy xodimlarining ayrimlari «injiq» bo‘ladi. Nega deysizmi? O‘sha «injiq» xodimlarga biror narsa bermasangiz, injiqlik qilib, uyoq borib bunday qilasiz, buyoq borib unday qilasiz, ertaga kelasiz, indinga kelasiz, deb ancha vaqtingizni cho‘zadi, ataylab qandaydir bahonalar o‘ylab topib asabingizga o‘ynaydi. Natijada bir kunda hal bo‘ladigan ishni, agar qistirmasangiz, bir necha kunlab, hatto oylab kutishingizga to‘g‘ri keladi. Nega bizning xalq UYAT degan so‘zni xizmat payti unutadi? Nega «injiqlik» qilib, atayin ishni bitirishni ortga suradi?

To‘g‘ri, yuqoridagi voqeaga 4 yil bo‘lgan, ancha eski dersiz. Yo‘q, hozir ham “injiqlik”  kasaliga chalinganlar oramizda ko‘p, men tez-tez duch kelaman. Ularni nogironligim qiziqtirmaydi, vijdoni yo‘q. Orasida yaxshi insonlar ham bor, albatta. Biz «injiqligimizni» davom ettirar ekanmiz, korrupsiya ham davom etaveradi. «Injiqligingizni» bas qiling! Bu injiqlik hech kimni na sizni, na boshqalarni va na yurtni rivojlantirmaydi.

Be the first to comment on "BIZ «INJIQLARGA» QARSHIMIZ yohud yurt rivojiga, odamlarning farovon hayotiga to‘sqinlik qilayotganlar"

Leave a comment

Your email address will not be published.


*