Blog haqida

XXI asr – Axborot texnologiyalari asri, ijtimoiy tarmoqga ehtiyoj kundan kunga ortmoqda, u orqali ma’lumot olish eng oson, tez va qulay. Qayerda bo‘lmang, kompyuteringiz, planshetingiz yoki cho‘ntagingizdagi qo‘l telefonidan bemalol kerakli ma’lumot olish imkoniga egasiz.

Ayni damda dunyoning turli burchaklarida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bloger va vloger(video formatida blog yurituvchi)lar mavjud bo‘lib, ularning asosiy qismi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar vakillari hisoblanadi.

Mana, yurtimiz mustaqillikka erishganiga 26 yil bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqda sayt va bloglar har yili ko‘payib bormoqda, bu quvonarli, albatta. Ammo, shu paytga qadar ixtisoslashgan veb sayt va bloglar yetishmayapti. Yaxshilab e’tibor bersam, yurtimizda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun sayt va blog yo‘q ekan. Mana shuni inobatga olib blog ochishni rejalashtirgan edim va nihoyat shu vaqt yetib keldi. Blog shaxsiy bo‘lgani uchun ko‘pchilik nomi sifatida o‘z ism va sharifini qo‘yadi, men esa karlar jamiyatining umumiy blogi sifatida www.uzsd.uz (Uzbekistan Society Deaf) nomini qo‘yishga qaror qildim.

Ko‘p yildan beri ijtimoiy tarmoqda kuzatishlarim natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi paytlar eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun ko‘proq vloglar, ya’ni imo-ishorada beriladigan videobloglarga qiziqish yuqori. Barchaga ma’lumki, eshitmagan insonlarning ona tili – imo-ishora tili hisoblanadi, ularga sifatli ma’lumotni aynan imo-ishora tilida yetkazish mumkin. Bundan tashqari, ularning so‘z boyligini oshirish uchun videoblog titrli bo‘lsa maqsadga muvofiqdir. Chunki eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning asosiy qismida so‘z boyligi juda sust bo‘lib, o‘qib ma’lumot olishga qiynalishadi. Titrli videoblog yangiliklari so‘z boyligini oshirishga xizmat qiladi.

Blog asosan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ta’lim, ilm-fan, sport, madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha maqolalar berib boriladi. Bundan tashqari, dunyoda ro‘y berayotgan karlar yangiliklari, ularning muvaffaqiyatlari, dunyodagi taniqli karlar bilan suhbatlar va boshqa qiziqarli mavzularda ham maqolalar beriladi.

Kelajakda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun sifatli ma’lumot yetkazish maqsadida yuqorida tilga olingan videobloglar hamda imo-ishora tilida informatsion kanalni ham yo‘lga qo‘yishni maqsad qilingan.

Blog shuningdek quyidagilarga tegishli:
– Oilasida birinchi bor eshitishida nuqsoni bo‘lgan farzand dunyoga kelgan ota-onalarga;
– Sog‘lom farzandli, ammo ota-onasining eshitishida nuqsoni bo‘lgan oilalarga;
– Oila a’zolarining barchasida eshitishida nuqsoni bo‘lgan oilalarga;
– Maktabgacha ta’lim muassasalari surdopedagog tarbiyachilariga;
– Kar va zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlari surdopedagoglariga;
– Karlar jamiyati rahbarlari, vakillari va tarjimonlariga;
– Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetining korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishi bo‘yicha pedagoglariga;
– A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti surdopedagogika yo‘nalishi bo‘yicha pedagoglariga;
– Bolalar psixologi va logoped-defektolog shifokorlarga;
– Eshitishida nuqsoni bo‘lganlar dunyosiga qiziquvchi barcha insonlarga.

Ma’lumki, har-bir inson turli-xil qiziqishga ega, shularni hisobga olgan holda blogimizda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga qiziquvchan jurnalistlar, ularning imkoniyatini yaxshi biladigan tajribali surdopedagoglar, bolalar psixologlari, logoped-defektolog shifokorlar maqolalari bilan ishtirok etishlari mumkin.

Be the first to comment on "Blog haqida"

Leave a comment

Your email address will not be published.


*