ESHITISH IMKONIDAN CHEKLANGAN BOLA ta’lim olish imkonidan cheklangan emas

(«Maktabgacha ta’lim metodikasi» 5-son 2018-yil)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi «2017–2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi «Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida «Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida»gi nizomda eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash, nuqsonlarini korreksiyalash, imkoniyatiga muvofiq maktab ta’limiga tayyorlash, jamiyatda moslashuviga ko‘maklashish talablarlari qo‘yilgan.

Yunusobod tumanidagi 442-«Nilufar» maxsus MTMga kelib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik. Ushbu maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi eshitishida nuqsoni bo‘lgan 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalarni qabul qiladi. Ta’lim-tarbiya jarayoni to‘rtta o‘quv yili dasturi asosida olib boriladi. Asosiy vazifa guruhlarda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolaning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash, maktab ta’limiga tayyorlashga qaratilgan pedagogik jarayonni o‘z ichiga qamrab oladi.

 

– Bolalarni guruhlarga ajratishda eshitishida muammosi bo‘lgan bolaning o‘ziga xos psixofiziologik holati, moslashuv muammolari hamda aksariyat hollarda ularning ta’lim-tarbiya jarayoniga nisbatan kech jalb etilishi hisobga olinadi, – deydi muassasa metodisti Marhabo Yo‘ldosheva. Bolalarning holatiga qarab, ularning ayrimlariga yakka tartibda mashg‘ulot ham tashkil etiladi.

Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning ta’lim-tarbiya jarayoniga quyidagi vazifalar qamrab olingan:

– ular uchun munosib shart-sharoitlarni yara­tish;

– jismonan baquvvat, aqlan, ma’naviy-axloqiy komil shaxs sifatida shakllantirish.

Ikkilamchi nuqsonlarini korreksiyalash. Ushbu vazifa o‘z ichiga to‘rtta maqsadni qamrab oladi:

  • bolalarning og‘zaki nutqini shakllantirish;
  • eshitish qobiliyatini rivojlantirish;
  • harakat kamchiliklarini bartaraf etish;
  • ijtimoiy hayotga moslashgan, pedagogik-psi­xologik jihatdan maktab ta’limiga tayyorlash.

Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun ona tili – imo-ishora tili hisoblanadi. Ammo, maktabgacha yoshdagi bolalarni teng integratsiya qilishni ta’minlash, keyinchalik hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun kichkintoylarning og‘zaki nutqini shakllantirishga asosiy e’tibor qaratiladi. Bunday bolalarning nutqini rivojlantirish murakkab jarayondir. Og‘zaki nutqning shakllanishida eshituv analizatori – nutqini harakatga keltiruvchi analizatorlar ishtirok etadi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning og‘zaki nutqini shakllantirish yo‘llari muntazam o‘rganib borilishi shart. Ya’ni, eshitish qobiliyatini shakllantirish, psixologik, korreksion pedagogik jihatdan tayyorgarlik, lug‘at boyligini oshirish lozim.

Og‘zaki nutqni shakllantirishda ta’limiy o‘yinlar va didaktik materiallardan foydalanish maqsadga muvofiq. Bu orqali bolalarning lug‘at boyligi oshadi, og‘zaki nutqi shakllanadi, saqlangan eshitish qoldig‘i rivojlanadi. Surdopedagog va tarbiyachining to‘g‘ri va aniq tashkil etilgan hamkorligi guruhda ijobiy rivojlantiruvchi muhit yaratib, ta’lim-tarbiya jarayonining muvaffaqiyatini ta’minlaydi.

Yurtimizda innovatsion texnologiyalarga katta e’tibor qaratilmoqda. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar tarbiyasida ham innovatsion ta’lim joriy etish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirish, ular uchun turli xil dasturlar yaratish, AKTlar asosida mashg‘ulotlar o‘tish, zamon talabiga mos mashg‘ulot ishlanmalari yaratish kerak.

Dasturli o‘yinlardan birida videoproyektordan foydalaniladi. Har bir mevaning tagiga nomi yozilgan bo‘lib, u ekranning asosiy qismiga chiqadi. Tarbiyachi navbatma-navbat har bir boladan ekranda chiqqan mevaning nomini so‘raydi. Ular mikrofon yordamida ekranda ko‘rsatilgan mevaning nomini aytadi, nutqi toza va ravon bo‘lsa, ekranda yashil chiroq yonadi. Agar nutqi yaxshi chiqmasa, qizil chiroq yonadi. Yuqoridagi mevalarning nomlarini yodlab olgach, ekranda mevaning surati nomsiz ko‘rsatiladi va bolajonlar bilan takroriy mashg‘ulot o‘tkaziladi. Takroriy mashg‘ulotlar ularning so‘z boyligining oshishiga xizmat qiladi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonning so‘z boyligi sust rivojlangan bo‘lsa, yuqoridagi dastur ishlanmasi juda muhim. Ushbu dasturli o‘yiniga bolajonlarning qiziqishi ortadi va o‘z nutqi, qolaversa, so‘z boyligi ustida ko‘proq ishlashga harakat qiladi.

Be the first to comment on "ESHITISH IMKONIDAN CHEKLANGAN BOLA ta’lim olish imkonidan cheklangan emas"

Leave a comment

Your email address will not be published.


*