Ikki universitet: ikki xil manzara imtiyozni yashirishdan kimga naf?

(Ma’rifat 2019.14.09. №71 (9240)

2000-yillardan buyon matbuotda maqolalarim bilan chiqish qilaman. Ularda asosan eshitishida nuqsoni bor kishilar ta’limiga oid muammolarni ko‘tarib, rivojlangan mamlakatlardagi kabi yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida ham bizga o‘xshagan eshitishida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim olishi uchun turli imtiyozlar yaratilishini orzu qilardim. Prezidentimizning 2017-yili 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni niyatlarim amalga oshganini ko‘rsatdi. Guvohi bo‘ldimki, 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining ikki foizli qo‘shimcha kvotasi joriy etildi. Kirish imtihonlarida nogironligi bor abituriyentlar uchun o‘tish ballari 56,7 balgacha (maksimal ball — 189 ballning 30 foizi) kamaytirildi va tegishli ballni qo‘lga kiritganlar davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilindi.

Bu yil menda ham o‘qishga kirish umidi paydo bo‘ldi. Bugun o‘qituv­chilarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchayayotganidan ruhlanib, qolaversa, oilamizda ko‘pchilik pedagog bo‘lgani uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining defektologiya fakulteti sirtqi bo‘limiga hujjat topshirmoqchi bo‘ldim. Afsuski, bir holat dilimni xira qildi.

Hujjatlar qabul qilish jarayonida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat peda­gogika universiteti komissiya a’zolari oldiga borib, sirtqi bo‘limga ham II guruh nogironlariga imtiyoz bor-yo‘qligi haqida qiziqdim. Navbatchilardan biri ichkariga kirib surishtirdi va chiqib hujjat topshirishim mumkunligini aytdi. Hujjatim yonimda bo‘lmagani uchun ertasi kuni olib borishga qaror qildim. Ertasi kuni kerakli hujjatlar bilan bordim. Navbatim kelgach, qabul komissiyasining o‘zini Munis deb tanishtirgan xodimiga uchradim. Hujjatlarimni ko‘rib, sirtqi bo‘limga hech qanaqa imtiyoz o‘tmasligini, imtiyozdan faqat kunduzgi bo‘limga kirishda foydalana olishimni aytdi. Men esa kecha kelganimni, komissiya a’zolaridan biri menga imtiyozli qabul qilinishim mumkinligini aytdi, deb tushuntirdim. Keyin tortishmasdan tashqarida turgan yoshi kattaroq komissiya a’zolari ol­diga borib, masalani  oydinlashtirmoqchi bo‘ldim. Ular ham sirtqi bo‘limga imtiyoz o‘tmasligini aytishdi va eng alam qilgani — o‘sha yoshi katta pedagogning menga bergan savoli bo‘ldi: “Eshitmasangiz qanday o‘qiysiz?”…

Men yurtimizdagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan yagona blogerman va jamiya­timiz a’zolarini kuzatib boraman. O‘tgan yili imtiyoz tufayli Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan birga boshqa oliygohlarda ham jami­yatimiz a’zolaridan bir nechtasi o‘qishga kirib, tahsil olayotganini bilaman. Shunday qilib O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga hujjat topshirdim. Komissiya xodimi hech qanaqa ortiqcha savol bermasdan, tabassum bilan hujjatlarimni qabul qildi. Eshitmaganim bois yozma savollar berib, barcha kerakli narsalarni tushuntirdi va omad tiladi. Imtihon oldidan universitet rektori shaxsan o‘zi so‘zga chiqib, barcha abituriyentlarga omad tiladi. Ijodiy imtihon payti komissiyaning savol-javobidan so‘ng universitet rektori har bir abituriyent bilan individual suhbatlashdi.
Mening ham nima bilan shug‘ullani­shim, kim bo‘lib ishlashim bilan qiziqdi.
Birinchi uchrashgan odam bilan suhbatlashish chog‘ida uni tushunib olish doimo qiyin bo‘lgan. Chunki uning lab harakati notanish bo‘lib, tanishib olish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Universitet rektori Sherzod­xon Qudratxo‘jayev bilan ham birinchi uchrashganim bois lab hara­katini payqab olishga sal qiynaldim.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti komissiya a’zolari rad javobini bergach, qabul qilingan qarorlar bilan internetda tanishdim. Adliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan bog‘landim. Qonunchilikka ko‘ra, sirtqi ta’lim shakliga ham barcha imtiyozlar, jumladan, harbiy tavsiyanoma olganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, harbiylarning farzandlariga ajratilgan alohida kvotalar, chet tili sertifikatlari va hokazolar o‘tishini bilib oldim. Hujjat qabul qilish jarayonining oxirgi kuni hamkasbim bilan yana universitetga borishga qaror qildim va o‘sha rad javobini bergan Munis ismli komis­siya a’zosiga uchradim. Hamkasbim oldida hech qanday rad etmasdan hujjatlarimni qabul qildi. Ammo… men O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga hujjat topshirganim bois DTM bazasiga kiritilgandim. Qoidaga ko‘ra, uchta oily ta’lim dargohini tanlash uchun uch fan bir xil bo‘lishi kerakligi tufayli hujjat topshira olmadim. Xo‘sh, nega birinchi borganimda hujjatlarimni qabul qilmay rad etishdi? Boshqasi esa “Eshitmasangiz qanday o‘qiysiz?”, degan savolni berdi? Menga o‘xshagan talabalar o‘qishini bilaturib, nega shunday savol bilan murojaat qildi?

Ko‘pchilik eshitishida nuqsoni bo‘l­gan insonlarni savodsiz, deb o‘ylaydi. Aslida qattiq adashadi, ular orasida savodlilari ham ko‘p. Kuzatish va tadqiqotlarim shuni ko‘rsatmoqdaki, respublikamizdagi kar va zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatlarida o‘qituvchilarning asosiy qismi imo-ishorani yaxshi bilmaydi. Bu esa ta’lim sifatini oshirishga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Imo-ishorani bilmagan xodimni Nyu-Yorkning Lexington School for the Deaf karlar maktabi rahbariyati ishga qabul qilmaydi. Bundan tashqari, pedagoglarning ko‘pchiligi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlardir. Rossiyada kar va zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatlarida eshitishida nuqsoni bo‘lgan pedagoglar yetarlicha ishlashadi. Mamlakatimiz maxsus maktab-internatlarida eshitishida nuqsoni bo‘lgan pedagoglar sanoqli bo‘lib, ular ham faqatgina jismoniy tarbiya yoki mehnat fanidan dars berishadi. Biz ham eshitishida nuqsoni bo‘lgan qatlam ta’limini rivojlantirishni istasak, maktab-internatlarni tugatgan yosh yigit-qizlarimizga e’tiborni kuchaytirishimiz, ta’limni davom ettirishi uchun keng yo‘l ochishimiz kerak. Xayriyat, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi bo‘ldim. Ijodiy imtihondan guruh­da yagona eshitishida nuqsoni bo‘lgan inson sifatida eng ko‘p ball yig‘ib, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim.

Author: mamur

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan