Qalbni yig‘latgan tadbir

2018-yil O‘zbekistondagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar hayotida esda qolarli yil bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki o‘sha yil uzoq kutilgan, ya’ni dindor musulmonlar uchun quvonchli kunlarning biri edi. O‘z dinini chuqur o‘rganish, diniy tarbiya, odob-axloq kabi ma’ruzalar alohida, ya’ni barcha uchun tushunarli bo‘lishi uchun surdo tarjimoni orqali yo‘lga qo‘yildi. Barchaga bundan boshqa quvonchli narsa yo‘q edi. Negaki bizga o‘xshagan insonlarning asosiy kamchiligi – eshitish muammosidir. Qulog‘imiz eshitishi uchun albatta surdotarjimonlar kerak. Aynan o‘sha yili eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun nafaqat alohida ustozlar jalb qilindi, shu bilan birga surdo tarjimonlari bilan ham ta’minlandi.

Mana qisqa muddat ichida ro‘y bergan o‘zgarishlarni qarang. Jamiyatimiz a’zolarining dunyoqarashi o‘zgardi, boshqa dinga adashib qolganlar dinimizga qaytdi va qaytishda davom etmoqda, oilaviy mojarolar kamaydi, oilalarning mustahkamligi kuchaydi, sharoiti og‘ir insonlarga ko‘ngilli sifatida yordam beradiganlar ko‘paydi, diniy bilimlari kengaydi, diniy tadbirlar va musobaqalarda faol ishtirok etadigan bo‘lishdi.

Ularning tarbiya olishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimasi, ustoz Munira Abubakirova va Toshkent shahar targ‘ibot guruhi boshlig‘i Dilbar Ahmedova, surdotarjimonlar Rustam Berdiyev, Oydin Xudoyberganova, Muyassar Nortoyeva, Zulfiya Zokirovaning hissasi katta.

5-dekabr kuni 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni va Konstitutsiya kuni munosabati bilan «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» masjidida «Siz bizga keraksiz» nomi ostida xayriya tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmani Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Ahmedov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Hukumatimiz tomonidan nogironligi bor shaxslarga alohida e’tibor berilayotgani haqida ma’ruza qildi. Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, bo‘lim mudiri M.Homidov va boshqalar ishtirok etishdi. Tadbir ishtirokchilariga «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan sovg‘alar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan «diniy ma’rifiy mav’izlar» va «Namoz saboqlari» nomidagi disklar ulashildi.

Author: mamur

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan