SAVOB ISHNI HAR KIM QILISHI KERAK, SAVOB ISHNI HAR KUN QILISH KERAK

Ayrimlar imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor berishmaydi, shunday tug‘ildimi, shundayligicha qoladi, tarbiyalash befoyda, deb hisoblashadi. Misol uchun eshitish imkonidan cheklangan insonlarni olaylik, ularning asosiy qismida so‘z boyligi sustligi, yozishida qo‘pol va jidday xatolar uchrashi, imo-ishorada so‘zlashish madaniyati sog‘lom insonlarga ularning zaif aqllilardek ko‘rinadi. Aslida ular noto‘g‘ri xulosa qilishadi.

Eshitish imkonidan cheklangan insonlar bilimli bo‘lishi mumkinmi? Albatta, buning imkoni bor. Buning uchun avvalo ularga bilim berishga sharoit yaratish kerak, e’tibor kerak, o‘rgatish kerak. Shundagina ularning bilimi ijobiy tomonga o‘zgaradi, dunyoqarashi kengayishi, shu bilan birga oralarida olimlar chiqishi ham mumkin.

Xabaringiz bor, Karlar jamiyati a‘zolarining ko‘pchiligi xohishi bilan O‘zbekiston musulmonlar idorasiga xat yozib, dinimizdan ta’lim olishga, uning tarixini chuqur o‘rganishga ko‘mak berishini so‘rashgan. O‘zbekiston musulmonlar idorasidan ijobiy javob olgach, o‘tgan yilning fevral oyi o‘rtalarida O‘zbekiston tarixida ilk bor ularga surdo tarjimoni yordamida muqaddas dinimizning asl mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, uning odob-axloqi, savobli ishlar haqida keng targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Ularni adashib, boshqa din vakillariga, jumladan, missionerlik va protestant oqimlarga kirganligi, adashgan yo‘lidan qaytarib, to‘gri yo‘lga boshlash kabi ma’naviy-tarbiyaviy ishlar o‘tkazilib kelinayapti.

Shuningdek, juma namozi va ma’ruza paytida oldin surdo tarjimoni orqali tinglash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, ayni damda innovatsion g‘oya bilan Surdo-Online dasturi orqali onlayn tarzda, surdotarjimon yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri videoproyektorda kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.

Shunday xayrli ishlar yo‘lga qo‘yilganidan buyon eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni kuzatib boraman, salkam 1 yil, ya’ni shuncha qisqa davr mobaynida tadqiqotlarim shuni ko‘rsatayaptiki, ko‘pchilik qatnashuvchi insonlarning madaniyati, muomalasi, ilmi va bilimi yaxshi tomonga o‘zgargan. Chunki bilim va ma‘ruzalardan tashqari turli xil tadbirlar, musobaqalar ham o‘tkazilib turiladi. Shu tufayli dinimizdan ancha narsani o‘rganib olishiga guvoh bo‘ldim.

Ularga nafaqat ta’lim-tarbiya berish, shu bilan birga, boshqa xayrli ishlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, har oyda Muruvvat kuni belgilanib, ehson oshi va turli sovg‘alar tarqatiladi. Bundan tashqari ziyoratgohlarga ham tashrif buyurib, ko‘proq ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishdi.

Bunday xayrli ishlar hozircha faqat Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ko‘pchilik adashgan insonlar muqaddas dinimizga qaytishdi. Afsuski viloyatlarda hozircha shunday sharoit mavjud emas va ko‘pchilik missionerlar va protestantlar ta’siri ostida qolmoqda. O‘tgan hafta O‘zbekiston musulmonlar idorasi vakillarining taklifi bilan Jizzax shahridagi “Xo‘ja Nuriddin hoji” jome masjidida viloyatdan tashrif buyurgan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy suhbat o‘tkazildi va sovg‘alar ulashildi. Ko‘pchilik eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning iltimosi inobatga olinib, ma’ruzalar Surdo-Online dasturi orqali onlayn tarzda yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Boshqa viloyat vakillari iltimos bilan chiqishsa, albatta har bir viloyat uchun Surdo-Online orqali yo‘lga qo‘yilishiga O‘zbekiston musulmonlar idorasining mas’ul xodimlari tayyorligini bildirishdi.

Bugun Muruvvat kuni o‘tkazilib, poytaxtimizdagi «Salomon» restoranida 500 ga yaqin insonlarga ehson oshi va sovg‘alar tarqatildi. Muruvvat kuniga shuningdek, ko‘zi ojizlar, kamdan-kam uchraydigan ko‘zi ojiz va kar insonlar ham taklif etildi va ularga alohida sovg‘alar ulashildi. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan, Yunusobod tumani bosh imom xatibi Rahmatulloh Sayfiddinov ishtirok etishdi. Barcha qalbida xursandchilik, yuzida tabassum bilan duolar qilishdi.

Bunday tadbirlarni uyushtirishda, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga ta’lim-tarbiya berishda faollik ko‘rsatayotgan O‘zbekiston musulmonlar idorasi xodimasi Munira Abubakirova, Shayxontohur ayollar maslahat markazi rahbari Dilbar Ahmedovaning alohida hissasi katta.

Savob ishlar uchun, shunday ajoyib imkoniyat uchun www.uzsd.uz, Karlar jamiyati a’zolari nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Author: mamur

1 thought on “SAVOB ISHNI HAR KIM QILISHI KERAK, SAVOB ISHNI HAR KUN QILISH KERAK

Гузал Рахматуллаеваga fikr bildirish Javobni bekor qilish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan