Xush kelibsiz!

Yaqinda yurtimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlandi, shu munosabat bilan, kech bo‘lsa ham barcha ustozlarimni chin dildan tabriklab, barchalaringizga uzoq umr tilab qolaman!

Menga maktabda ta’lim-tarbiya bergan ustozlarim hamda maslahatlarini ayamagan hamkasblarimni barchasini ustoz deb bilaman. Ustoz va murabbiylar bayrami munosabati bilan Siz azizlarga syurpriz tayyorlagan edim. Bir necha oy oldin, ya’ni Matbuot va OAV kuni munosabati bilan tabrik yo‘llab, blog ochishni rejalashtirayotganim haqida va’da qilgan edim. Bugub blogimni ochiq deb e’lon qilishdan baxtiyorman va Siz azizlarga kerakli va qiziqarli ma’lumotlar yetkazishga harakat qilaman.

Barchaga ma’lumki, eshitishida nuqsoni bo’lgan insonlar dunyosi kichkina, ularga qiziquvchilar sanoqli topilsa-da ammo ma’lumot olish imkoni pastroq. Respublikamizda ular uchun ixtisoslashgan veb sayt yoki blog mavjud emas. Blogda nimalarga e’tibor beriladi? Deylik, yosh oilada farzand dunyoga keldi, ammo, chaqalog‘i eshitmasa, o‘z umrida birinchi marta bunday ahvolga duch kelgan ota-ona xavotirga tushishi tabiiy. Ular farzandini kelajagi haqida qayg‘ura boshlaydi, shifokor yordamiga muhtoj bo‘ladi, qayerda va qanday ta’lim olishini o‘ylaydi. Shu maqsadda ushbu muammolarni hal qilishda, kerakli ma’lumotga ega bo‘lishni xohlovchilarga va eshitishida nuqsoni bo‘lganlar dunyosiga qiziquvchilar uchun ushbu blog juda muhim deb hisoblayman. Bundan tashqari, blog aynan kimlar uchun mo‘ljallangani «Blog haqida» bo‘limida to‘liq tanishib chiqishingiz mumkin.

Ustozim Yakov Shifrinning aytishicha, tarixda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni kar va aqli zaif, inglizchasiga «deaf dumb» deb, kamsitishgan ekan. Bu ular uchun haqoratli munosabatidir. Ularga savol berganida ayrimlari gapira olmagani uchun ham shunday munosabatda bo‘lishgan. Yillar o‘tib munosabat ijobiy tomonga o‘zgargan. Ammo hali hammon ayrim odamlar shunday fikrda, chunki ular imo-ishorada gapirsa atrofdagilarga ularning aqli zaifdek tuyuladi. Shunday insonlar borki, eshitmagan insonlarni yaqinlashishini istashmaydi, yaqinlashgan taqdirda o‘zlarini olib qochishga harakat qilishadi.

Ammo ularni aqli zaif deganlar adashishadi. Dunyoda eshitishida nuqsoni bo‘lgan mashhur insonlar, ulkan muvaffaqiyatga erishgan sportchilar, kitob mualliflari, hatto siyosatchi ham mavjud. Bundan tashqari, oxirgi paytlar eshitmagan insonlar kinolarda ham o‘zlarini namoyon qilib, ajoyib rol o‘ynamoqda, hatto kino yaratayotgan rejissorlar ham ko‘payib bormoqda. Bunday muvaffaqiyatga erishayotgan insonlarni aqli zaif deb atash mumkinmi?

Blogda yuqorida tilga olingan kamchilik va yutuqlar haqida batafsil yozib boraman. Hozircha matbuotda chop etilgan o‘zbek va rus tillarida maqolalarim bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Blogda ikki tilda, ya’ni maqolalarning asosiy qismini o‘zbek va rus tillarida berishga harakat qilaman. Tajribamning yetishmasligi tufayli, blog mayda imloviy xatolar bilan ketishi mumkin. Buning uchun uzr so‘rayman.

Shu o‘rinda ozroq maqtanib qo‘yay, O‘zbekiston tarixida birinchi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bloger sifatida yangi sahifa ochmoqdaman J.

P.S. Blog ochishda beminnat yordam bergani uchun do‘stim, www.ziyo.uz portali muallifi Davronbek Tojialiyevga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!

Be the first to comment on "Xush kelibsiz!"

Leave a comment

Your email address will not be published.


*