YUQORI SAVIYALI ILK TADBIR

Bitta surdotarjimon yuzta eshitish imkonidan cheklangan insonni «eshittira» oladi. Ular uchun qanday tadbir yoki yig‘ilish bo‘lmasin, surdotarjimonning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda surdo tarjimonlarni qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Har bir yirik tashkilotda hech bo‘lmasa bitta surdotarjimon faoliyat yuritishi kerak, chunki eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning ko‘pligidan, bunday insonlar doim surdotarjimonga muhtoj bo‘lib kelgan.

Joriy yilning fevral oyidan eshitish imkonidan cheklangan insonlarning iltimosi inobatga olinib, O‘zbekiston musulmonlar idorasi tashabbusi bilan ular uchun ma’ruza tinglash, juma namozida qatnashish hamda muqaddas dinimizdan ta’lim-tarbiya olish surdo tarjimonlari orqali yo‘lga qo‘yilib, ular uchun qulayliklar yaratilgan edi.

Kuni kecha, ya’ni 25 noyabrda Mavlud oyi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi «Ko‘kcha» nomi bilan tanilgan «Shayx Zayniddin» jome masjidida eshitish imkonidan cheklangan va gapirish qobiliyati sust insonlar ishtirokida «Olamlarga rahmat Payg‘ambar!» mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent shahar hokimiyati, O‘zbekiston Kadrlar boshqaruvi jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va boshqa tashkilotlardan mehmonlar taklif qilindi. Unda 300 ga yaqin eshitish imkonidan cheklangan insonlar qatnashdi.

Tadbir o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni muqaddas dinimizni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, bu boradagi ishtiyoqlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini tanishtirish orqali Islom dinining insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilish va shu orqali yot g‘oyalarga barham berish. Shuningdek, bunday tadbirlar orqali ularning ijtimoiy faolliklarini oshirish, yolg‘izlik tushkunligidan asrash, jamiyatda fuqarolar tengligi ustuvorligini ta’minlash va jamiyatimizning faol a’zolari bo‘lishi nazarda tutilgan.

Tadbirda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar ijrosida boshlovchilikdan tortib, tilovat, duo, suhbat, baytxonlik va yakuniy so‘zlargacha chiqishlar qilindi. Tadbir barchaga chuqur taassurot qoldirdi, mehmonlarni to‘lqinlantirdi. Ularning dillariga xursandchilik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh va ulug‘ savobli amallardan ekanida shubha yo‘q.

– Biz bunday tadbirlar bo‘lishini orzu qilardik va anchadan beri kutgandik. Mana endi bu orzuimizga erishdik. Bunday qulayliklar yaratgani uchun hukumatimizga rahmat, dedi tadbirning faol ishtirokchilarining biri Azizbek.

Tadbir yakunida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan tadbir yuqori tashkillashtirilgani uchun barchaga minnatdorchilik bildirdib, shunday dedi: – Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda har bir narsaga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda, shu jumladan dinimizga erkinlik berilib, barcha istovchilarning fikri inobatga olinayapti. Bizda imkoniyati cheklangan insonlarga bunday sharoitlar yaratilishini xorijlik birodarlarimiz eshitib, ijobiy baho berishmoqda. Bunday sharoit endi yo‘lga qo‘yilganini va faqat Toshkent shahrida bo‘lishini inobatga olsak, keyinchalik boshqa viloyatlarda ham sharoit yaratilishiga qo‘ldan kelgancha yordam beramiz. Keying tadbirlar ham yuqori saviyada o‘tishiga ishonchim komil, dedi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sovg‘alar ulashildi.

Be the first to comment on "YUQORI SAVIYALI ILK TADBIR"

Leave a comment

Your email address will not be published.


*