YURIYNING O‘ZBEKISTONDAGI SARGUZASHTLARI

Har bir mamlakatning o‘ziga xos mo‘jizasi va tarixiy qadamjolari mavjud, ularni tomosha qilish har bir insonning orzusi bo‘lsa kerak. Vikipediya ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, dunyoda mamlakatlar soni 251 ta, ulardan 193 tasi mustaqil bo‘lib, BMTga a’zo davlat hisoblanadi.

2016 yilning 26 fevral sanasida feysbukda estoniyalik Artyom ismli yigit tomonidan «15 countries by the deaf world» guruhi yaratildi, ushbu guruh sobiq ittifoq mamlakatlaridan tarqalib ketgan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan edi. Chunki MDH davlatlarining imo-ishora tili bir xil, muammosiz bir-birini tushunadi. Ushbu guruhga a’zo bo‘lganlar soni ayni damda 30 mingga yetgan. Guruhda nafaqat MDH davlatlari, shu bilan birga, ushbu mamlakatlarning butun dunyoga tarqalib ketgan eshitishida nuqsoni bo‘lgan vakillari ham mavjud bo‘lib, turli va qiziqarli mavzularda videoroliklar joylashtirishadi. Bundan tashqari guruhda boshqa mamlakat vakillari ham a’zo bo‘lib, imo-ishora tilimizni o‘zlashtirishmoqda, o‘zlari ham videorolik joylab, bizning imo-ishora tilimizda asta-sekinlik bilan qiziqarli ma’lumotlar berishmoqda.

Ushbu guruh orqali virtual do‘stlik, qolaversa guruhdoshlar bilan uchrashuvlar ham ko‘payib bormoqda. Kimki biror mamlakatga sayohatga, tadbirga yoki ayrim sabablarga ko‘ra bormoqchi bo‘lsa, oldindan videorolik joylashtirib guruhdagilarni xabardor qiladi. Tashrif buyuradigan mamlakatda guruhdagilardan xohlagani kutib olishi va vatani haqida batafsil tanishtirishi mumkin. O‘tgan yili guruh a’zolaridan biri, olmoniyalik yigit Yuriy Yevstratov rolik joylab, O‘zbekistonga tashrif buyurishini, guruhdagi o‘zbekistonliklar uchrashmoqchi bo‘lishsa faqat quvonishini bildirganida men uchun kutilmagan bo‘ldi, chunki guruh ochilgandan buyon Yuriy birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi. O‘z navbatida men ham videorolik joylab, agar o‘zim O‘zbekistonda bo‘lganimda uni bajonidil kutib olishimni, mamlakatimiz viloyatlari bo‘ylab sayohat uyushtirishni aytdim. Chunki Yuriy tashrif buyuradigan paytda yurtimizdan tashqarida edim. Men bo‘lmagan taqdirda ham yurtimizda yaxshi insonlar ko‘pligini, mehmondo‘st xalq ekanimizni, uni albatta kutib olishini aytdim. O‘zbekistonlik do‘stlarimga murojaat qilib, Yuriyga esdalik sifatida milliy do‘ppimizdan kiydirishini so‘rab, unga oq yo‘l, yaxshi kayfiyat tiladim.

Yuriy Yevstratov Rossiyaning Bryansk viloyatida tavallud topgan. 2000 yili Olmoniyaga ko‘chib o‘tgan. U dunyoning 30 dan ortiq eng chekka burchaklariga sayohat uyushtirgan. Dunyodagi megapolislardan holi bo‘lgan noyob joylarga, tarixiy obidalarni qamrab olgan shaharlarga sayohat uyushtirish jonu dili. Uning asosiy orzularidan biri O‘zbekistonga tashrif buyurish edi va nihoyat bu maqsadiga yetdi. Qisqa muddatli ta’tildan unumli foydalanib internetdan sayohatga borishni rejalashtirgan mamlakatlarim ro‘yxatini ko‘rib chiqdim, ular ichida O‘zbekistonga borib kelish moliyaviy tarafdan boshqalariga ko‘ra ancha arzon edi, deydi. Yuriy mamlakatimiz poytaxtidan tashqari Nukus, Mo‘ynak, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlariga sayohat uyushtirdi. Qisqa muddatga tashrif buyurishiga qaramay katta taasurotlar bilan qaytdi. O‘zbekiston mehmondo‘st xalq, boy tarixiy-madaniy obidalarga ega, milliy taomlari esa mazali ekanini ko‘p eshitaman, ammo bu gaplarni yuz marta eshitgandan ko‘ra bir marta o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim maqul, deydi Yuriy.

Qisqa muddatli sayohatdan qaytgach «15 countries by the deaf world» guruhiga va YouTube sahifasida darrov navbatma-navbat O‘zbekiston haqida 1-8 qismdan iborat ajoyib roliklar joyladi va ular haqida imo-ishorada gaprirb berdi. Feysbukdagi sahifasiga esa bir-biridan ajoyib suratlar joyladi. Poytaxtimiz Toshkentni tanishtirishda guruhdoshlar unga hamrohlik qilgan bo‘lsa, viloyatlarga o‘zi borib keldi. Poytaxtda Karlar madaniyat saroyi, Sport bazasi, Jamiyat a‘zolari bilan tanishdi, ular bilan suhbatlar uyushtirdi. Yuriy Qoraqalpog‘istonning Nukus va Mo‘ynak shaharlariga borishi uning Yer sharining geografik ob‘yektlariga qiziqishi yuqoriligini anglatadi. Orol dengizini ko‘zdan kechirib, ajoyib rolik va suratlar joyladi. Rolikda Orol dengizining tarixi va ayni damda bu muammo nafaqat O‘zbekiston, shu bilan birga butun dunyoning fojiasi ekanini gapirdi.

Germaniyaga qaytgach u bilan bog‘landim va yurtimiz bo‘ylab sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashdim. O‘zbekistonga borish oldidan internetda ushbu mamlakat haqida batafsil tanishib chiqdim va kerakli joylarga borishdan oldin uning tarixini yaxshilab o‘rgandim. O‘zbek xalqi haqiqatan ham mehmondo‘st xalq ekanligi, boy tarixiy qadamjolar maskaniga ega ekani, O‘zbekistonga borib kelganidan hech qachon afsuslanmaganini aytdi. So‘z yakunida barcha o‘zbekistonlik do‘stlariga uni iliq kutib olgani, Vatani bilan tanishtirgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

P.S. Yuriyning sayohat tafsilotlari bilan imo-ishorada quyida uning YouTube sahifasida tanishishingiz mumkin. Shuningdek, www.deafnet.ru saytining sayohat bo‘limida pirat niki ostida uning sayohatga brogan mamlakatlari joylashgan.

1) https://www.youtube.com/watch?v=xImFjkdLd3U

2) https://www.youtube.com/watch?v=NCqi7zFvCDU

3) https://www.youtube.com/watch?v=sWt0R9j8l-g

4) https://www.youtube.com/watch?v=p6PI6qWwrEY

4) https://www.youtube.com/watch?v=AhGSLtCmVeU

5) https://www.youtube.com/watch?v=sM8Xw3XETrc

7) https://www.youtube.com/watch?v=X5YdCAoe4Mg

7) https://www.youtube.com/watch?v=lhiqm5UCMU4

Author: mamur

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan