«ISLOMOBOD» JOME MASJIDINING XAYRLI ISHLARI

 

Xabaringiz bo‘lsa o‘tgan yili Karlar jamiyati a’zolarining murojaati va iltimosnomasiga binoan O‘zbekiston musulmonlar idorasidan ijobiy javob olishgan edi. Unga ko‘ra, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni masjidlarga surdotarjimon yordamida qatnashi taklifi bilan chiqishgan. Chunki bunga qadar musulmonlarning ko‘pchiligi ular uchun begona bo‘lgan turli xil cherkovlarga qatnab, missionerlik va protestantlik oqimlariga kirib qolishgandi. Bu iltimosnomani «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi Abdulhamid Jumanov o‘z nazoratiga oldi va qisqa fursat ichida barchasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Domlaning g‘oyasi bilan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun surdo tarjimonlari yordamida haftaning chorshanba va yakshanba kuni muqaddas islom dinidan ta’lim-tarbiya, odob-axloq, juma namozida ma’ruza tinglash uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Mana oradan 6 oy o‘tdi, shu qisqa vaqtda barcha musulmonlar bir oiladek jam bo‘lib, bir-birlariga ahil-inoq bo‘lishgan. Surdo tarjimonlari orqali kuzatish tushunarli va qulay bo‘lgani uchun ishtirokchilar soni kundan-kunga ortmoqda. Ular uchun rus va o‘zbek tilida kerakli diniy kitoblar bepul tarqatilmoqda. Eng quvonarlisi ulardan ko‘pchiligining dunyoqarashi ijobiy tomonga o‘zgargan.

Muqaddas ramazon oyida «VAQF» xayriya fondi tomonidan barchaga 2 litr kungaboqar yog‘i tarqatildi. Bundan tashqari, Ramazon Hayit munosabati bilan «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi domla Abdulhamid Jumanovning taklifiga binoan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi «Tarona» restoranida bayram dasturxoni yozildi va 500 ga yaqin eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga bayram oshi tarqatildi.

Bizdek imkoniyati cheklangan insonlarga bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik qilinayotgani uchun «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi domla Abdulhamid Jumanov, noiblari Zohidjon Mamajonov va Mahmudjon Rahimjonovga, Shayxontohur ayollar maslahat markazi rahbari Dilbar Ahmedovaga Karlar jamiyati va uzsd.uz blogi nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Barchasidan Alloh rozi bo‘lsin!

Author: mamur

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan