IMKONIYATI CHEKLANGAN INSONLARNI BOSHQA IMKONIYATLARDAN CHEKLAMANG, ILTIMOS!!!

Yaqinda, ya’ni 19 may kuni telefonimga sms keldi, unda bunday deb yozilgan: «Assalomu alaykum! Bugun soat 20:00 «Yoshlar» kanalini ko‘ring, karlar muammolarini ko‘rsatadi». Begona raqamdan kelgani uchun: «Rahmat. Kim bu?», deb javob yozdim. Keyin bilishimcha u surdo tarjimoni Gulnora Mahkamova ekan. Ertasi kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bir do‘stim o‘z sahifasiga ilova qilgan UzA saytidagi «Jamiyat e’tiboridan chetda qolayotgan odamlar» sarlavhali maqolasiga ko‘zim tushdi, ushbu maqolada kechagina «Yoshlar» kanalida ko‘rsatilgan muammolar haqida batafsil yozilgan, uni quyidagi link orqali erinmasdan o‘qishingizni tavsiya qilaman ( http://uza.uz/oz/society/zhamiyat-etiboridan-chetda-olayetgan-odamlar-20-05-2018 ).

Yuqoridagi maqolada Karlar jamiyatiga tegishli yotoqxona e’tibortalabligi, sharoit yo‘qligi va umuman kapital ta‘mirga juda muhtojligi yoritilgan. Bundan tashqari, karlar jamiyati a’zolari diqqat markazidan chetda qolayotgani, hamma yaxshi ishlar faqat qog‘ozda ko‘rsatib, bunga mas’ullar ko‘zbo‘yamachilik qilayotgani achinarli. Bu mavzuni ko‘targan ko‘rsatuv ijodkorlariga va maqolaga bosh-qosh bo‘lgan UzA muxbiri Sayyora Shoyevaga Karlar jamiyati nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Odatda tanqidni xush ko‘rmayman. Oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqda ko‘tarilayotgan tanqidiy postlar va ayrim blogerlarning haqiqat uchun kurashayotgan mavzulari bir qancha muhim muammolarni hal qilinishida katta ro‘l o‘ynab kelmoqda. Haqiqatni aytay, karlar jamiyati a’zosi sifatida jamiyatimizdagi muammolarga ko‘z yumib o‘tolmayman. Rostini aytadigan bo‘lsam, Karlar jamiyatida dolzarb muammolar mustaqillik yillaridan buyon o‘z yechimini topayotgani yo‘q. Aslida bunday insonlarning ta’lim-tarbiyasidan tortib, ijtimoiy hayotigacha bo‘lgan yo‘lini yangilash davri kelgan. Bundan tashqari, ayrim «noinsof» odamlar orasida kamsitilishlar ham uchrab turadi. Biz rivojlanishni istar ekanmiz, jamiyatimizning barcha jabhasiga alohida e’tibor berishimiz lozim.

Muammolar qachon hal qilinadi?

Ishim dizayn va verstka bilan bog‘liq bo‘lgani uchun jurnalistlar bilan matbuot qozonida qaynadim. Faqat dizaynerlik bilan shug‘ullanmasdan, ulardan jurnalistika sirlarini o‘rganishga harakat qildim va o‘rganishda davom etmoqdaman. 2010-yildan matbuotimizda kamdan-kam chop etiladigan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar mavzusida maqolalar yozib turaman. Ularni hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, kelajakka umid bilan qarashi, ular orasida yosh avlodni ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi maqsadida har yili qishning ilk kunlari, ya’ni 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Karlar jamiyatining faol a’zolari, jumladan, ta’lim, madaniyat, sportda muvaffaqiyatga erishgan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar haqida matbuotda maqolalar yozib turaman. 2014-yili, maqolaga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston karlar terma jamoasi futbolchisi va sardori Hakim Ahmedov haqida ma’lumot olish uchun poytaxtimizning Chuqursoy mavzesida joylashgan Karlar sport majmuasiga yo‘l oldim. Bolalik damlarida maktabdan ushbu sport majmuasiga sportning futbol turiga qiziqib, mashg‘ulotga qatnar edim. Ancha yildan beri ta’mirlanmagan, qishda sovuq sharoiti yo‘q sportzal, mashg‘ulotdan keyin yuvinish xonasiga umuman kirib bo‘lmasligini ko‘rib, hafsalam pir bo‘ldi. Nahotki shuncha yildan beri imkoniyati cheklanganlarga e’tiborsiz qaralayotgan bo‘lsa?.. Bolalik davrimda ushbu sport majmuada sportning kurash, voleybol, futbol, stol tennisi, shaxmat, shashka va boshqa turlariga jamiyatimiz a’zolari faol qatnashib, tez-tez musobaqalar o‘tkazilib turilardi. Afsuski ayni damda ulardan faqat futbol va shaxmat turiga qatnayapti, xolos.

Hakim Ahmedovga rejalashtirilgan savoldan suhbatimiz boshqa mavzu haqida, ya’ni mashg‘ulot o‘tkaziladigan sport majmuasi qo‘rqinchli ahvolda ekanini aytarkan, shuncha harakat va yutug‘imizga qaramasdan, hech kim so‘rab ham, e’tibor ham bermasligi achinarli. Atrofimni yosh futbolchilar o‘rab, gazetaga mana shu mavzuda yozsangiz bo‘lmaydimi? Bu yerda mashg‘ulot o‘tkazib bo‘lmaydi, ayrim paytlar katta musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘z hisobimizdan pul yig‘ib boshqa sharoiti yaxshi bo‘lgan sportkompleksda shug‘ullanamiz, deydi Jaloliddin Qarshiyev. Ularga achinib, bunday maqola yozsam qaysi nashrga beraman? Muammoli maqolani hech kim chiqarishni istamaydi, deb tushuntiraman. O‘shanda tanqidni chetlab, faqat yaxshi taraflarini yozishga majbur bo‘ldim.

2016-yili ijtimoiy tarmoqda Prezident virtual qabulxonasi ochilganidan quvongandim, chunki bu korrupsiya va ko‘zbo‘yamachilikning oldini olish uchun asosiy qurolning biri edi. O‘sha paytlar AQSHda o‘quv kurslarida edim, xursandligimdan ertasi kuni bu yangilikni ustozim Yakov Shifringa aytganimda, u kishi «Bu yaxshi yangilik, moliyaviy tarafdan qiynalayapsan, mana iroqlik guruhdoshingga qara, Iroq iqtisodiyoti sizlarnikidan tang ahvolda bo‘lishiga qaramay, homiy bor. Endi o‘quv kurslari va o‘qishga kirish istaging jiddiyligi, kelajakdagi rejalaring to‘g‘risida xat bilan murojaat qilsang bo‘ladi, yordam berishar», dedi. Chunki u kishi Ukrainaning Kiyev shahridan ko‘chib, 25 yildan ortiq vaqt okean ortida yashab kelmoqda. Sobiq ittifoq mamlakatlarida korrupsiya qanday ildiz otganini yaxshi biladi.

Men ham yaxshi umidlar bilan Prezident virtual qabulxonasiga xat yozishga qaror qildim. Ammo ustozim aytganday o‘zimning rejalarim, yordamga muhtojligim haqida emas, bir necha yildan beri e’tiborsiz qolgan Karlar jamiyatigadagi inqiroz, ya’ni o‘sha futbolchilarning dardi, spotr majmuasining ahvoli haqida yozgandim. Bir o‘zimning muammoimdan ko‘ra kelajakka umid bilan qarayotgan minglab yoshlarning muammosini hal qilish yaxshi emasmi?

Bir necha oydan keyin uyimga o‘sha paytdagi Madaniyat va sport ishlari vazirligidan xat kelganini uydagilar xabar qilishdi, safarda o‘qishda bo‘lganim uchun xatni ochib, rasmini yuborisharkan, o‘qib hafsalam pir bo‘ldi va umidim so‘ndi. Unda vazirning birinchi o‘rinbosari M.Aliyev imzosi bilan shunday deyiladi: (xatning oxirgi qatorlari yozilmoqda, originali ilova qilinmoqda) yozgan xatingiz vazirlikning byudjet mablag‘lari smetasida karlar madaniyat va sport markazlarini ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish nazarda tutilmaganligi sababli, ushbu masala yuzasidan hududiy hokimlikka murojaat qilinishi maqsadga muvofiqligini ma’lum qilamiz. Axir men xatni virtual qabulxonaga yozganman, Madaniyat va sport ishlari vazirligiga emas. Virtual qabulxona kim va qaysi tashkilotga jo‘natishni yaxshi biladi. Yoki men ulardan o‘zim uchun yordam so‘ramadimku! Shu sabab menga uyoqqa murojaat qil, buyoqqa murojaat qil, deb koptok kabi tepayotgandek tuyuldi. Virtual qabulxonaga yuborilayotgan ayrim muammolar ijobiy hal qilinayotgan bo‘lsa ham, qayta yozgan xatimni jo‘natmay qo‘ydim… chunki umidni uzdim.

Hech kimga kerak bo‘lmagan chempionlar

Mashhur bokschi Muhammad Ali(Kassius Kley 1942–2016) 1960 yili Rimda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida Amerika bayrog‘i ostida harakat qilib, oltin medal bilan qaytadi. O‘sha paytlar AQSHda qora tanlilar kamsitilib kelinardi, qahvaxonalardan biriga kirgan Muhammad Aliga xodimlar xizmat qilishdan bosh tortishadi. Jahli chiqqan Muhammad Ali Olimpiadada qo‘lga kiritgan oltin medalini Ogayo daryosiga uloqtiradi. Uyga kelib onasiga: «Mening olgan oltinim hech narsani anglatmaydi. Farishtalar ham oq bo‘lgani uchun, bizni jannatga ham kiritmasa kerak?!», deb xafa bo‘ladi. O‘sha paytlar qora tanlilar shunday kurashishganki, ayni damda AQSHda hamma teng huquqga ega bo‘lib yashamoqda.

Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan yili, ya’ni 26-noyabrdan 3-dekabr sanasigacha Tailand poytaxti Bangkok shahrida 18-yoshgacha bo‘lgan eshitishida nuqsoni bo‘lganlar o‘rtasida futzal bo‘yicha birinchi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, musobaqada eng yuqori pog‘onaga ko‘tarilib, oliy probali «metall»ni qo‘lga kiritdi. Musobaqada O‘zbekiston bayrog‘i yuqori ko‘tarildi, davlatimiz madhiyasi yangradi. O‘ZBEKISTON degan makon, ushbu yurtda qancha buyuk insonlar yetishganini, yosh va kuchli iqtidorlar borligini butun dunyoga yana eslatishdi. Vatanga qaytgach, aeroportda xuddi yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionlaridek kutib olinmadi, ulardek «Malibu» avtomobillari berilmadi. To‘g‘ri, katta futbol bilan futzalda farq bor, lekin Jahon chempioni va Osiyo chempioni degan nomda ham farq borku. Avvaliga ularga federatsiyadan 2 million(loyiqmidi?) so‘mlik mukofot puli berildi, keyin ayrim nashrlar, saytlar, ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar, televideniye jurnalistlarining faolligi bilan tanqid ostida qolgan federatsiya o‘zini «sharmanda» qilish bilan birga, ularni yana chaqirib 16 million 376 ming so‘mlik mukofot puli ajratdi.

18 yoshgacha bo‘lganini inobatga olsak, hali oldinda uzoq yil va katta musobaqalar kutib turibdi. Ularni rag‘batlantirib, sharoit yaratib, e’tibor berish juda muhim. Afsuski Karlar sport majmuasiga haligacha hech kim e’tibor qaratmayapti va buni istamayapti. Yurtimizda qanchadan qancha sport majmualari qurildi, ayrimlari kapital ta’mir va rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Imkoniyati cheklanganlarning shu bittagina sport majmuasini zamonaviy ko‘rinish olishiga nima to‘sqinlik qilayapti? Axir ular shunday sharoitda Jahon chempionligini olib kelib, bunday ahvolda bo‘lgan majmuada shug‘ullanishga haqqi bormi? Qaysi asrda yashayapmiz?

Eng achinarlisi jahon chempionlarining ko‘pchiligi ishsiz, ayrimlari qishning sovuq, yozning jazirama issiq kunlari bo‘lishiga qaramay avtoturargohlarda mehnat qilishib tirikchilik qilishadi. Ularni ushbu unvonga munosib ko‘rilganini inobatga olsak, ish bilan ta’minlash, kreditga uy joy berish kabi imtiyozlar joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bundan tashqari televizor va ijtimoiy tarmoqda ular haqida ta’sirli roliklar olinib joylashtirilsa, sahovatpesha insonlar nazariga tushib, homiylar ham topilardi.

Siz bunga nima deysiz, aziz inson?

 

Mamurjon Ahliddinov, O‘zbekiston karlar jamiyati a’zosi,

O‘zbekistonda birinchi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bloger.

(blogerlar chempionati uchun maxsus)

Be the first to comment on "IMKONIYATI CHEKLANGAN INSONLARNI BOSHQA IMKONIYATLARDAN CHEKLAMANG, ILTIMOS!!!"

Leave a comment

Your email address will not be published.


*